Islohotlar samaradorligi iqtisodiyotimiz barqarorligi va xalqimiz farovonligini oshiradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 20-noyabr kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.
Prezidentimiz dastlab Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga bordi.
Ushbu IT-park davlatimiz rahbarining 2018 yilda Hindistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuv asosida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan Hindistonning Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati hamkorligida tashkil etilgan.
Bugungi kunda yurtimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, innovatsiyalarni joriy etish uchun sharoit yaratilib, sohaga investitsiyalar jalb etilmoqda. Mamlakatimizdagi ilk IT-park mahalliy startap-ekotizimining ajralmas qismiga aylanib, startapchilar harakatini yanada rivojlantirishda qulay sharoit yaratish imkonini beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-yanvardagi qarorida texnopark faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari belgilandi, shu maqsadda direksiya tuzildi. Qurilish ishlari jadal olib borilib, joriy yil iyul oyida dastlabki binosi foydalanishga topshirildi.
Texnoparklarni rivojlantirish va dasturiy ta’minotchilar yaratuvchilarini qo‘llab-quvvatlashga Hindistonning ilg‘or tajribasini jalb qilish maqsadida Hindiston Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyatining eng yaxshi mutaxassislari taklif etildi. Ayni paytda ushbu jamiyat Hindistonda 57 ta texnopark ochib, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi.
Texnoparkda moliyaviy, marketing, yuridik, konsalting va biznes-akseleratsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bu startap sohasi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchilar uchun biznes-reja va mahsulotini targ‘ib etish strategiyasini tuzish, bozor va raqobatchilarni o‘rganish, iqtisodiy faoliyatini tez boshlashiga yordam beradi. Bundan tashqari, startap loyihalarni amalga oshirishda venchur moliyalashtirish asosida yordam ham ko‘rsatiladi.
Bu yerda mutaxassislar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, moliya, logistika, elektron tijorat, elektron ta’lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlarda ilk loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Masalan, AQShdagi transport korxonalariga logistika hamda kafe va pitsseriyalarga autsorsing bo‘yicha texnologik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Texnoparkning bu kabi xizmatlari arzonligi, sifati qolishmasligi bilan xorijliklarga ma’qul bo‘lmoqda.
– Iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan bog‘liq. Shuning uchun bu sohaga yanada keng imkoniyat, zarur infratuzilma yaratish, mutaxassislarni har tomonlama rag‘batlantirish, qobiliyatli yoshlarni tarbiyalash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur texnopark rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar 2028 yil 1 yanvarga qadar soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Bu soha mutaxassislariga katta madad bo‘lib, texnoparkka qiziqishni oshirmoqda. Qisqa vaqtda rezidentlar soni 300 dan ortdi.
Soha rivojiga yanada keng sharoit yaratish maqsadida bu yerda yana yettita lot qurilib, IT-ofislar, biznes markazi, mehmonxona va boshqa binolar barpo etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yangi bosqich qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘ydi.
Texnoparkda yillik ishlab chiqarish quvvati 2020 yilda 10 million dollardan ortishi, 2025 yilda esa 100 million dollarga yetishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar.
– Bugun O‘zbekiston barcha sohalarda o‘zini namoyon etmoqda. O‘z vaqtida axborot texnologiyalariga e’tibor qaratganimiz yaxshi natijalar bermoqda. Bitta dasturiy mahsulot davlatimizga qancha naf keltiradi, korrupsiya, byurokratiyaning oldini oladi, odamlarga qulaylik yaratadi. Har doim yodda tutinglarki, sizlarning ishingiz judayam muhim, – dedi Prezidentimiz.
Shavkat Mirziyoyev “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tayotgan O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur tadbir 18 noyabr kuni boshlangan edi. Unda mingga yaqin korxona, kompaniya va firmalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari 10 mingdan ortiq turdagi mahsulotlari bilan qatnashmoqda.
Jumladan, bu yerda mamlakatimiz hududlarining iqtisodiy salohiyati, importni optimallashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar aks etgan stendlar, iste’mol tovarlari, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlari, yirik sanoat korxonalari hamda ular bilan hamkorlik qiladigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlari joylashtirilgan.
Ishtirokchilar sanoat korxonalarining eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlari, ularning sifat va texnik ko‘rsatkichlari, ulgurji va chakana narxlari, korxonalarning mavjud quvvatlari kabi ma’lumotlar bilan tanishmoqda. Bu mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘rganish, ularni ishlab chiqarish va sotib olish bo‘yicha hamkorlar topish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etishda muhim omil bo‘layotir.
Prezidentimiz yarmarkada namoyish etilayotgan mahsulotlar bilan tanishdi. Ularning xaridorgirligi, lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Mahalliylashtirishni kengaytirish, import bo‘layotgan detallar ishlab chiqarilishini o‘zlashtirish, sifatni ta’minlash orqali xaridor orttirish zarurligini ta’kidladi.
Shu o‘rinda ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur tadbirning ahamiyatiga to‘xtalsak. Ma’lumki, har yili tarmoqlar bo‘yicha sanoat yarmarkalari va kooperatsion birjalar o‘tkaziladi. Ularda talab va taklif o‘rganilib, korxonalarning imkoniyati, mahsuloti turlari namoyish etiladi. Lekin tan olish kerak, bu yarmarkalarning ko‘pi nomiga o‘tkazilgan, iqtisodiyotimizning olg‘a siljishiga, korxonalarning raqobatbardosh bo‘lishiga ta’sir etmagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda mahalliy va xorijiy bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga qaratilgan izchil choralar bu borada real o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining qator farmon va qarorlari qabul qilindi, ular asosida ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlarning huquq va vakolatlari kengaytirildi.
Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, yirik korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirishni nazarda tutadi.
Ushbu qaror asosida tashkil etilgan sanoat yarmarkasi birinchi marta ishlab chiqaruvchi korxonalar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, xaridorlarni bir joyga jamladi. Ya’ni, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarayotgan korxona egasi yarmarkadan shu turdagi mahsulotga talabgor korxona bilan shartnoma tuzadi, natijada xuddi shunday mahsulot yoki detalni chetdan sotib olishga hojat qolmaydi, import kamayadi.
Tarmoqqa mutasaddi vazirlik va kompaniyalar tadbirkorlarga qaysi turdagi mahsulotga ehtiyoj borligi yoki ishlab chiqarilgan tovarni qaysi korxonaga o‘tkazish haqida tavsiyalar beradi, ularga zarur yordam ko‘rsatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tadbir mamlakatimiz sanoatini rivojlantirish, korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini, jumladan, masofadan turib hamkorlikni yanada kengaytirish, sohadagi ijobiy islohotlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazishda keng imkoniyat yaratadi.
Shavkat Mirziyoyev korxonalar rahbarlari, tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ularning takliflarini eshitdi. Shu asosda mutasaddilarga mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yirik kompaniyalar bilan sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, importni qisqartirish, ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
– Ishlab chiqaruvchi qachon rivojlanadi? Mahsulotining egasi bo‘lsa. Bu yarmarkaga kelgan har bir korxona va tadbirkor natijaga erishishi, oddiy gaykadan tortib katta mashinalargacha xaridorini topishi kerak. Uni ishtirokchilar rozi bo‘lguncha davom ettirish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyevga Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilgan elektron kooperatsiya portali – www.cooperation.uz haqida ham ma’lumot berildi.
Mazkur portal orqali ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlariga xaridor topishi, ularni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzishi mumkin. Portal statistika, bojxona, soliq, sertifikatlashtirish idoralari ma’lumotlar bazasiga ulangan, haftasiga yetti kun, sutkasiga 24 soat muntazam ishlaydi.
Sanoat korxonalari va buyurtmachilar o‘rtasidagi shartnomalar «onlayn» tarzda rasmiylashtirilmoqda. Xalqaro savdo markazida tarmoqlar, hududlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarish salohiyati, kooperatsiyaga talab va ehtiyoji bo‘yicha taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari investitsiya olib kelayotgan ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ko‘paytirish, ichki bozorni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
– Bunday tadbirlar muntazam o‘tkazilsa, besh yildan so‘ng mahsulot sifati va nomenklaturasi o‘zgaradi. Bugun ham kichik biznes sub’ektlari mahsulotlaridan yirik korxonalar bemalol foydalanishi mumkin. Bu kichik korxonalarning mahalliy bozordan munosib o‘rin egallashiga keng imkoniyat yaratadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xorijiy sarmoyalar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning asbob-uskuna va mahsulotlari ulushi kamida 30 foiz bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Ayniqsa, davlat ulushiga ega tarmoq va korxonalarda ushbu talabni keskin qo‘yib, shu orqali mahalliy mahsulot qiymati va sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari asos solgan ushbu muassasa xalqimizning boy o‘tmishini, ilm-ma’rifat rivojiga qo‘shgan katta hissasini namoyon etadigan yaxlit majmua bo‘ladi.
– Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning yurtimizdagidek boy o‘tmish, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam ulkan merosimiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur, – degan edi Shavkat Mirziyoyev bu yerga avvalgi tashriflaridan birida.
Markaz qurilishi va faoliyati yo‘lga qo‘yilishida ana shu maqsad asosiy mezon etib belgilandi. Qariyb ikki gektar maydonda uch qavatli ko‘rkam imorat qad ko‘tardi. To‘rt tomonda 34 metrlik peshtoqlar qurildi. Binoning simmetrik markazida ulkan sharqona gumbaz o‘rnatiladi.
Mazmunan olganda esa, Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, zaminimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiya ishlab chiqildi.
Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joylashadi.
Ikkinchi qavatdagi ulkan foye markaziga Usmon Qur’oni qo‘yiladi. Shuningdek, bu yerda Islom san’ati muzeyi, 435 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zali bo‘ladi. Ko‘rgazmalarda O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etiladi.
Uchinchi qavatdan esa qariyb 100 ming nusxa qo‘lyozma fondiga ega kutubxona, axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va ma’muriy xonalar o‘rin oladi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental baza bo‘ladi. Bu yerda mahalliy va xorijlik mutaxassislar ilmiy tadqiqot olib boradi, ularning natijalari asosida qomuslar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlanadi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘qituvchi va talabalari ushbu maskanga kelib, bilimini mustahkamlaydi.
– Bu markaz asrlar davomida xalqimizga xizmat qiladi, uning har bir naqshi tarixga muhrlanadi. Shuning uchun markazning bezagi, ma’no-mazmuni diniy va ilmiy jihatdan asoslangan, chuqur o‘ylangan bo‘lishi kerak. Odamlar ham o‘qib, ilm oladigan, ham yurakdan his qiladigan muhit yaratish zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Butun dunyodan diniy ulamolar, islomshunos va tarixchi olimlar ishtirokida xalqaro anjuman tashkil etib, fikrlarini o‘rganish, takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘zA