Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Komissari bilan uchrashuv
2019-yilning 12-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Brussel shahrida Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Komissari Fil Hogan bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiyotni liberallashtirish borasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatga Yevropa biznesi va sarmoyasini keng jalb qilish uchun ko‘proq imkoniyatlar ochayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan tarif va tarifsiz to‘siqlarni bartaraf etish, standartlashtirishning Yevropa tizimlarini kiritish, sertifikatlash va sifatni boshqarish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonga “GSP+” tizimi doirasida 6 mingdan ortiq tovarlarni boj to‘lovisiz Yevropa Ittifoqi hududiga olib kirishga yordam berishda tayyorligi uchun Yevropa tomoniga minnatdorchilik bildirildi.
O‘zbekiston tomoni Yevropa Ittifoqi bozorlariga keng turdagi eksport tovarlarini, shu jumladan yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni oshirishga tayyorligini qayd etdi.
Shuningdek, agrar sohadagi istiqbolli qo‘shma loyihalar yuzasidan fikr almashildi.