Investitsiya uchun muhim tarmoq
Elektr energiyasi faqatgina sanoat tarmoqlarini rivojlantiruvchi quvvat emas, balki aholi turmush darajasini belgilovchi muhim vosita hamdir. Zotan, energetika tizimidagi barqarorlik xonadonlarga chin ma’noda nur olib kirishi barobarida, odamlar kayfiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishlaydi, iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga xizmat qiladi.
Bugun yurtimizga investitsiya kiritish istagidagi sarmoyadorlar kam emas. Investorga esa, tabiiyki, qulay shart-sharoit kerak. Ya’ni investor ishlamoqchi bo‘lgan hududga elektr energiyasi doimiy yetkazib beriladimi? Uzilishlar bo‘lmaydimi? U uchun bu muhim. Shart-sharoit esa, eng avvalo, energiya ta’minotida ko‘rinadi. Aksincha bo‘lsa-chi?.. Bu xolatda investitsiya haqida gapirishning o‘zi ortiqcha.
Anglaganingizdek, respublikamizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda, yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarishda, aholi daromadi oshishida mazkur tizimning o‘rni nihoyatda beqiyos. Shu ma’noda, keyingi yillarda yurtimizda sohaga eng ilg‘or ishlanmalarni tatbiq etish, zamonaviy loyihalar orqali tejamkorlikka erishish, xorij investitsiyalarini aniq maqsadlar sari yo‘naltirishdek muhim vazifalarga ustuvor e’tibor berilayotgani bejiz emas.
Joriy yilning 12-avgust kuni davlatimiz rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish hamda ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida energetika tizimidagi boshqa subyektlar qatorida Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida yangi bug‘-gaz qurilmalarini o‘rnatish xususida ham so‘z borgandi.
Darhaqiqat, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yirik loyiha hisoblangan "Taxiatosh IESda har birining quvvati 230 — 280 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi qurilishi" investitsiya loyihasi yaqin vaqt ichida ishga tushirilishi kutilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 11-sentabrdagi qarori asosida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 678,2 million AQSh dollari bo‘lib, uning 300 million dollari Osiyo taraqqiyot banki krediti, 230,7 million dollari O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti, qolgani esa “O‘zbekenergo” AJ mablag‘lari va boshqa manbalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Investitsiyaviy loyiha to‘liq ishga tushishi bilan stansiyaning quvvati 730 MVtdan 930 MVtgacha oshadi. Yillik ishlab chiqariladigan elektr energiyasi miqdori 3,2 milliard kVt/soatdan 3,6 milliard kVt/soatgacha ko‘payadi. Suv sarfi esa yiliga 293 million kub metrga kamayib, 159 million kub metrni tashkil qiladi. 1 kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan shartli yokilg‘i miqdori 170,36 gr/kVt/soatga kamayadi (Hozirgi sarflanayotgan shartli yoqilg‘i miqdori 430,3 gr/kVt/ soat). Ikkita bug‘-gaz qurilmasi ishga tushganidan so‘ng bu ko‘rsatkich 259,94 gr/kVt/soatni tashkil qiladi. Bu bilan bir yilda 488.6 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Atmosferaga chiqadigan yalpi chiqindilar esa yiliga 3056.6 tonnaga kamayadi.
Loyihaning qurilish-montaj ishlari bosh pudratchi — Janubiy Koreyaning “Consortium of Hyundai Engineering Co. Ltd.” kompaniyasi bilan birgalikda subpudratchi tashkilotlar tomonidan 2017-yilning oktabr oyida boshlangan edi. Hozirgi vaqtda qurilish-montaj ishlari 85 foiz bajarilgan va joriy yilda birinchi bug‘-gaz qurilmasi foydalanishga topshiriladi.
Yana shuni qayd etish kerakki, investitsiyaviy loyiha murakkab texnologik uskunalarga ega. Shu bois mutaxassislarni tayyorlashga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda. Ya’ni shu kungacha stansiyaning 60 nafar tajribali mutaxassisi “Navoiy IES” AJning o‘quv markazida o‘qitildi.
Yaqinda mazkur loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda bosh pudratchi tashkilot Janubiy Koreyaning “Consortium of Hyundai Engineering Co. Ltd.” kompaniyasi rahbariyati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, O‘zbekiston energetika xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi, “Taxiatosh IES” AJ mutasaddilarini jarayon bilan tanishtirishdi.
Loyiha kelgusi yilning ikkinchi choragida to‘liq ishga tushiriladi. Natijada “Taxiatosh IES” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlaydi. U nafaqat ushbu hududlar, balki respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga ham munosib xissa qo‘shadi, albatta.
“Xalq so‘zi” gazetasi