O‘zbekiston Elchisi Latviya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2019-yilning 5-noyabr kuni Riga qal’asida O‘zbekiston Respublikasining Elchisi Qadambay Sultanov Latviya Respublikasi Prezidenti Egils Levitsga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosimdan keyin bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Latviya rahbari uning mamlakati Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda jadal amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va Riga Toshkentning islohchilik sa’y-harakatlariga bundan keyin ham ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning kun tartibi, mintaqaviy va xalqaro ko‘p tomonlama tuzilmalar, jumladan Yevropa Ittifoqi, BMT doirasidagi aloqalarning ko‘plab masalalari va Markaziy Osiyoda mintaqaviy rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni (people-to-people ties) mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ta’kidlandi.
Uchrashuvda Latviya Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Solveyga Silkalna ham ishtirok etdi.