Tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambag‘allikni kamaytirish choralari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 27-fevral kuni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, har qanday mamlakatda aholining kam ta’minlangan qatlami mavjud. O‘zbekistonda ham odamlarning muayyan qismi yetarli daromad manbaiga ega emas.
Xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilindi. O‘tgan ikki yil davomida birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida byudjetdan qariyb 10 trillion so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta, bu aholi bandligini ta’minlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga xizmat qildi.
Kambag‘allik yurtimizda ko‘p yillar “yopiq mavzu” bo‘lib keldi. Joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tariximizda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Bugungi videoselektor yig‘ilishida shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
– Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida Prezidentning 2020 yil 18 fevraldagi farmoni hamda qaroriga muvofiq, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi. Mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika darajasida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni kamaytirishga mas’ul lavozimlar joriy qilinib, vertikal tizim yaratildi.
Shuningdek, kuni kecha Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi hamda hukumatda alohida kotibiyat tashkil etildi.
– Kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shu maqsadda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan kambag‘allikka qarshi kurashishning o‘rta va uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Yig‘ilishda avvalo har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasidagi haqiqiy sharoit va ahvolni tahlil qilish kerakligi qayd etildi. Buning uchun, birinchi yo‘nalishda kambag‘allikka oid real ahvol, ya’ni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida ma’lumot yig‘ilishi, ikkinchi yo‘nalishda tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuzilishi belgilandi.
– Odamlarning mehnat qilib, boy bo‘lishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur, – dedi Prezident.
Qayd etilganidek, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan va bo‘sh turgan yer maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Zarur infratuzilma yaratish uchun Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. Ulardagi yer uchastkalari tadbirkorlarga bozor qiymatida egalik huquqi bilan sotiladi. Ushbu loyiha o‘zini oqlasa, ikkinchi yarim yillikda yana qo‘shimcha 150 milliard so‘m ajratiladi.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga hokimlar bilan birgalikda yangi kichik sanoat zonalari uchun bo‘sh yer maydonlarini aniqlab, infratuzilma bilan ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni kambag‘al aholiga ajratib berish, zarur joylarda artezian va quduqlar qazish bo‘yicha topshiriq berildi.
Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, kasbiy malakasini oshirish orqali kambag‘allikni kamaytirish eng asosiy masala hisoblanadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda rasman ish bilan band bo‘lmagan 1 million 400 mingga yaqin ayollar va yoshlar bor. Xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 13 foiz, yoshlarda esa 15 foizni tashkil etmoqda. Farg‘ona, Samarqand, Andijon, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida bu ko‘rsatkich yuqori.
Shu bilan birga, bugungi kunda qurilishda 104 ming, kommunal sohada 71 ming, xizmat ko‘rsatish sohasida 68 ming, yengil sanoatda 46 ming nafar mutaxassisga ehtiyoj mavjud.
Yig‘ilishda shu kabi talab bor joylarga malakali mutaxassislar yetkazib berish, bandlikni ta’minlash uchun har bir hududda ishsiz aholini tadbirkorlikka o‘qitish kurslari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
O‘qish yakuni bo‘yicha Kichik biznesni rivojlantirish agentligi tomonidan tanlov e’lon qilinib, eng ilg‘or loyiha uchun “startap”ga 20 million so‘m miqdorida grant ajratiladi. Hokimlar ham mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ilg‘or tadbirkorlik loyihalariga grantlar beradi.
Kasbga o‘qish istagini bildirgan yolg‘iz va ko‘p farzandli ayollar, ishsizlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori bo‘lgan hunarlar, xususan, tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda kasbga o‘rgatish kurslari tashkil etiladi. Buning uchun mahalla idoralari yoki hududdagi binolardan joy ajratilib, zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga “Mahalla guzarlarida kasbga o‘qitish dasturi”ni ishlab chiqib, talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Qator hududlarda kasbga o‘qitish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi. Jumladan, Qoraqalpog‘istonning 11 tumanida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryoning 7, Jizzaxning 5 tumanida birorta ham bunday markazlar yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni faol jalb qilish, ular o‘rtasida eng yaxshi kasbga tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha tanlov o‘tkazib, g‘oliblarga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan grant ajratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir hududda “Ishga marmahat” mono-markazlari hamda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etib, ishsizlarga kasbiy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, ehtiyojga qarab xorijiy tillarni ham o‘rgatish vazifasi qo‘yildi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi mablag‘larning 70 foizi kambag‘al aholiga ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi kichik va o‘rta biznes loyihalariga yo‘naltirilishi belgilandi. Shuningdek, kambag‘al kishini ishga olgan korxonalarga bank kreditlari bo‘yicha qulayliklar berilishi aytildi.
Axborot texnologiyalari sohasi bir tomondan biznesga ko‘maklashuvchi vosita, ikkinchi tarafdan biznesning alohida yo‘nalishidir. Shu bois o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lganlarga tushunarli bo‘lgan interaktiv mobil ilovalar, barcha savollarga javob beradigan “biznes navigator”lar yaratish zarur.
Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga tijorat banklari bilan birga sodda tilda tayyor biznes loyihalar ishlab chiqib, odamlarga taklif etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu biznes loyihalarda xarajat va daromad bilan bog‘liq barcha hisob-kitoblar, ishlab chiqarish quvvatlari, mahsulot miqdori kabi masalalar “ipidan-ignasigacha” aniq bo‘ladi.
Joylardagi muloqotlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu loyihalar haqida aholining barcha qatlamiga yetkazish kerakligi qayd etildi.
Savdo-ko‘ngilochar markazlarni ko‘paytirish hamda ko‘chma savdoni rivojlantirish, bu boradagi ortiqcha cheklovlarni olib tashlash bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi hamda Bosh vazir qabulxonalari davlat va tadbirkor o‘rtasidagi “ko‘prik” vazifasini bajarishi, tadbirkorlik tashabbuslarining amalga oshishiga har tomonlama ko‘maklashishi shartligi ta’kidlandi.
Joriy yil 1 martdan boshlab iqtisodiy kompleks idoralari faoliyatini reyting asosida baholash tizimi hamda Hududlarda tadbirkorlik rivojlanishi indeksi joriy etilmoqda. Aholi o‘rtasida ochiq va yashirin so‘rovlar o‘tkazish orqali ularning iqtisodiy kompleks tashkilotlariga bo‘lgan munosabati o‘rganib boriladi. Natijalarga qarab, muayyan hududdagi iqtisodiy kompleks rahbarlari faoliyati “namunali”, “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” deb topiladi. Ijobiy baholanganlar rag‘batlantiriladi va past baho olganlariga jazo choralari ko‘riladi. Baholash natijalari bir yilda ikki marotaba Oliy Majlis palatalari, xalq deputatlari viloyat kengashlarida va hukumatda muhokama qilinadi.
Videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
O'zA