O‘zbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichi
Doimiy yangilanish, taraqqiyot — tabiat qonuni. Shu bois hayot ham muqarrar o‘sish, yuksalish, rivojlanishdan iborat. Mustaqillik sharoitidagi hayotimiz aynan shu mantiqqa bo‘ysunadi. Demak, taraqqiyot bir-biri bilan bog‘liq, birin-ketin amalga oshiriladigan islohot va yangilanishlar zanjiridan iborat. Bu jihatdan 2017 yil 7 fevral demokratik taraqqiyotimizning yangi bosqichiga asos solingan, islohotlar siyosatining yangi pallasi boshlangan sanaga aylandi. Chunki xuddi shu kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga binoan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.
Harakatlar strategiyasi bilan tanishgan kishi, avvalo, O‘zbekistonda yangilanishlar siyosati izchil davom ettirilayotganiga, ikkinchidan, inson, uning manfaat-ehtiyojlari bu islohotlarning o‘zagini tashkil etayotganiga va nihoyat, tadrijiy taraqqiyotimizning navbatdagi bosqichi boshlanganiga amin bo‘ladi. Zero, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish masalasining kun tartibiga qo‘yilgani tasodif emas, balki zaruratdir.
Uch yilda ulkan o‘zgarishlar bo‘ldi
Mamlakatimizning besh yillik taraqqiyotini belgilab beruvchi Harakatlar strategiyasi qabul qilinayotganida aholini o‘ylantirayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama o‘rganish, tahlil qilish va ularni bosqichma-bosqich bartaraf etish bo‘yicha maqbul choralarni ko‘rish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz turmush farovonligini oshirish maqsad qilingan edi. Mana shu jihatdan so‘nggi uch yillik davlat dasturlari keng jamoatchilik ishtirokida qabul qilindi va ularning ijrosi deyarli ta’minlandi. 2019 yil ham munosib marralar va har sohada erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tarixga muhrlandi.
Agar dunyo mamlakatlari salohiyatini aks ettiruvchi xalqaro miqyosdagi manbalarga murojaat qilsak, O‘zbekiston nomining yuqori darajada e’tirof etilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Buyuk Britaniyaning “The Economist” nashri 2019 yilda O‘zbekistonni “Yilning eng yaxshi mamlakati” deb e’lon qildi. Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan islohotlarning e’tirofi sifatida Ozarbayjonning “Tarixiy shaxslar” jurnali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini “Yil odami” deya e’tirof etdi, shuningdek, davlatimiz rahbari “Turk dunyosini qayta tiklashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” xalqaro mukofotiga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston endilikda jahon hamjamiyati tomonidan jadal taraqqiy etayotgan, iqtisodiyotda barqaror o‘sish sur’atlariga erishayotgan, eng asosiysi, aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti tubdan yaxshilanayotgan, hayot darajasi izchil yuksalayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosarlarini deputatlar tasdiqlaydi
Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining birinchi yo‘nalishi — Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish yuzasidan qator amaliy chora-tadbirlar hayotga joriy etildi.
Xususan, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodini Bosh vazir taqdimiga binoan, Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullash va Prezident tomonidan tasdiqlash tartibi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, hukumat a’zoligiga nomzodning endilikda sohani rivojlantirish bo‘yicha yaqin muddatga va istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi bilan deputatlar oldida chiqish qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. Eng avvalo, qisqa vaqt ichida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga oid beshta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Oliy Majlis Senatida Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish, Qonunchilik palatasida esa Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari tashkil etildi. 2019 yil 1 avgustdan eksperiment tariqasida kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar”
Eng muhim o‘zgarishlardan yana biri, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi saylov kodeksining qabul qilinganidir. Mazkur kodeksda fuqarolarning saylov huquqlari bilan bog‘liq bir-birini takrorlovchi normalar aks etgan beshta qonun birlashtirilib, xalqaro norma va standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib kodifikatsiya qilindi hamda saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuvlar nazarda tutildi.
Natijada “Yangi O‘zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov barcha demokratik tamoyillarga tayangan holda, xalqaro standartlar talablariga mos darajada, ochiq va oshkor tashkil etilganini xalqaro missiyalar vakillari, xalqaro ekspertlardan iborat kuzatuvchilar, xorijning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ham e’tirof etishdi.
“Advice.uz” bepul xizmat ko‘rsatadi
Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, bu borada sudlarning ish yuklamasini kamaytirish hamda nizolarni sudgacha hal qilish maqsadida mediatorlarni tayyorlash tizimi yaratilganini alohida ta’kidlash joiz.
Shu bilan birga, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilib, ularga sud ekspertizalarining 44 ta turini o‘tkazish huquqi berildi. Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etilgani esa sud tizimida malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha yuqori samaradorlik ta’minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Aholini bepul huquqiy yordam bilan ta’minlash maqsadida “Advice.uz” bepul interaktiv axborot portali ochilib, unda fuqarolar hayoti davomida to‘qnash keladigan mingdan ortiq holatning yuridik yechimlari aniq va sodda tilda savol-javob shaklida bayon etib borilmoqda.
Jinoyatchilik salmoqli ravishda kamaydi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumani Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi yopilganini esa butun jahon hamjamiyati olqishlaganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Hukm qilingan shaxslarga pensiya to‘lash tartibining joriy etilgani ham mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlari olib borilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadi ekanidan dalolatdir.
2019 yilda davlat notarial idoralari bosqichma-bosqich xususiy notarial idoralarga aylantirila boshlanishi, qurilishi tugallanmagan uy-joylarni sotishda hokimliklardan ruxsat olish talablarining bekor qilinishi, bitimlarni videokonferensaloqa rejimida amalga oshirishga ruxsat etilishi, mol-mulk lizingi va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinishi kabi yangiliklar yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lidagi izchil islohotlar samarasidir.
Davlat dasturi doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida poraxo‘rlik holatlari bo‘yicha 2018 yilda 1 ming 202 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2019 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1 ming 71 tani tashkil etib, 10,9 foiz qisqarishiga erishildi.
Jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish va jinoyat sodir etgan shaxslarni jinoiy ta’qib qilish muddatlari maqbullashtirildi. Shuningdek, agar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab o‘n yil, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etilgan kundan boshlab yigirma besh yil o‘tgan bo‘lsa, shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 5,5 foizni tashkil etdi
Iqtisodiyotni rivojlantirish va faol investitsiya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z borganda, o‘tgan qisqa davr mobaynida sohada xalqaro standartlarga mos tizimli yangilanishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, milliy valyuta — so‘mning erkin konvertatsiyasi joriy etilgani, soliq va budjet siyosatining yangi asosda shakllantirilgani, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoyalash keskin kuchaytirilgani muhim o‘zgarishlardan bo‘ldi.
Ushbu o‘zgarishlarning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, “Hisob palatasi to‘g‘risida”gi yangi qonun kuchga kirdi, Soliq va Bojxona kodekslariga, soliq va bojxona xizmatlari to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, takomillashtirildi. “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi, “Bank va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Bularning bari milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishga, tarmoqlarda jahon standartlariga mos, tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu va boshqa omillar evaziga 2019 yil yalpi ichki mahsulotning (YaIM) o‘sish sur’ati 5,4 foiz belgilangan prognoz ko‘rsatkichi o‘rniga 5,5 foizni tashkil etdi hamda 2018 yilda erishilgan 5,1 foiz ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lishi ta’minlandi.
2019 yilda investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2019 yil davomida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi 220,7 trln. so‘mga yetkazilib, tasdiqlangan yil prognoziga nisbatan 2 barobar o‘sdi. Shu o‘rinda asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 189,9 trln. so‘mni, 2018 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan o‘sish sur’ati esa 1,3 barobarni tashkil etdi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga kelsak, yakka-yolg‘iz nuroniylarga, kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalarga hamda nogironlarga ko‘rsatilayotgan mehr-oqibat, diqqat-e’tibor – ularning huquq va manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish, uy-joy bilan ta’minlash, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning e’tiborini kuchaytirish, moddiy ta’minotini keskin yaxshilash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar ham bugungi yangi bosqichdagi islohotlar mevasidir.
Zero, “2017–2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla”, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi davlat dasturlari va rejalari doirasida olib borilayotgan ishlar bugun xalqning hayot darajasi hamda farovonligini oshirish yo‘lidagi g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.
Yon qo‘shni — jon qo‘shni
Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar borasida O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasida olib borayotgan faol va samarali, ochiq va kreativ faoliyati dunyoning barcha davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarning yanada kengayishi va rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda.
Bu o‘rinda, birinchi navbatda, yon qo‘shni – jon qo‘shnilar bo‘lgan Markaziy Osiyoning boshqa qardosh davlatlari bilan munosabatlar iliqlashgani, oradagi muzlar erigani, o‘zaro manfaatli aloqalar izchil yo‘lga qo‘yilgani, minglab oddiy odamlarning chegaralardan bemalol o‘tayotgani, mintaqa bo‘ylab erkin harakatlanish, qarindosh-urug‘lar bilan bordi-keldi qilish uchun barcha sharoitlarning yaratilgani muhim tarixiy qadam bo‘ldi.
Davlat rahbarining qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlikni ta’minlashning muhim sharti ekani to‘g‘risidagi fikrlari BMT hamda boshqa ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jahondagi yetakchi davlatlar e’tiborini ushbu murakkab muammoning yechimiga qaratdi. O‘zbekiston Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirishga, milliy kadrlarini tayyorlashga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelmoqda.
O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha mustaqil siyosatini qat’iy davom ettirmoqda va bu siyosat xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilmoqda. Mamlakatda mahbuslarni afv etish instituti joriy etilib, keyingi uch yilda yetti marta afv e’lon qilindi. Natijada qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 4 ming nafarga yaqin mahbus jazoni o‘tash joylaridan ozod etildi. Mustaqillik bayrami arafasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasining yopilgani, 156 nafar fuqaro (asosan ayollar va bolalar) jangovar harakatlar davom etayotgan Suriyadan qaytarib olib kelinib, ularning fuqarolik huquqlari tiklangani xalqaro jamoatchilik tomonidan olqishlanib, bu mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosatning yana bir hayotiy ifodasi ekani ta’kidlandi. Umuman, bugungi O‘zbekiston o‘z fuqarolarining haq-huquqlari, manfaatlari va erkinliklarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, himoya qilishga qodir davlat sifatida o‘zini namoyon etmoqda.
Eng muhimi, bugun O‘zbekistonda jamiyatdagi mavjud muammolarga ko‘z yumish, uni xaspo‘shlash emas, balki aholini qiynayotgan har qanday masalaga ijobiy yechim topishga bo‘lgan intilish kuchaydi, qonunlar ijrosi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining ta’siri ortib bormoqda. Ayniqsa, mansabdor shaxslarning va davlat organlarining mas’uliyati anchayin oshgani, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan ezgu tamoyil hayotda o‘z amaliy ifodasini topayotgani muvaffaqiyatlar omili bo‘lmoqda.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, erkin va adolatli jamiyat shakllanishiga, unda sog‘lom muhit qaror topishiga, odamlarning rozi bo‘lishiga va amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi kuchayishiga hamda yurt taraqqiyoti yo‘lida astoydil, faol ishtirok etishiga zamin yaratmoqda. Bu hayotbaxsh islohot va yangilanishlar butun jamiyatni, uning a’zolari bo‘lgan har bir insonni amaliy ishlarga safarbar etib, el-yurt manfaatlari, Vatan kelajagi yo‘lida jipslashtirmoqda.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” degan ezgu g‘oyasi bugun izchil ro‘yobga chiqmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 08.02.2020