22-mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi
Farmon bilan quyidagi lavozimlar joriy etildi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasida Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri lavozimi;
- viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmalarida hokim oʻrinbosarlari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmalari boshliqlari lavozimi;
- tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida hokim oʻrinbosari – mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi lavozimi.
Bosh vazir oʻrinbosari, Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari, tegishli hokim oʻrinbosarlari sanalgan xotin-qizlar qoʻmitalari raisi lavozimlari tugatildi.
Farmonga koʻra, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi oila, xotin-qizlar va keksalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Vazirlik xotin-qizlar masalalari boʻyicha boshlangʻich tashkilotlarga har tomonlama koʻmaklashish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirishga masʼul hisoblanadi.
Vazirlikning hududiy boʻlinmalari boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari – Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari raislari, hududiy boʻlinmalar boshliqlarining tegishli oʻrinbosarlari – Nuroniylar jamoatchilik kengashlari raislari etib belgilanadi.
Shuningdek, endilikda fuqarolar yigʻini raisi besh yil muddatga saylanadi.
Mahalla institutining jamiyatimiz ijtimoiy-maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini hisobga olib, soha xodimlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 22-mart – “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali