Maqsad —jahon brendlari bilan tenglashish
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida “Barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim garovi —raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish hisoblanadi”, deya ta’kidladi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan tizimli islohotlar yo‘lga qo‘yilgach, jumladan, charm-poyabzal va mo‘ynali tovarlar ishlab chiqarish tarmoqlari ham taraqqiyotning yangi pog‘onasiga ko‘tarildi. Ushbu tahliliy maqolada istiqbolli dasturlarimiz, ro‘yobga chiqarilayotgan investitsiyaviy loyihalar va kutilayotgan natijalar haqida hikoya qilmoqchimiz.
Tarmoq dasturlari samarasi
So‘nggi uch-to‘rt yil mobaynida tayyor charm-poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, mo‘yna va qorako‘l terisi, mahalliy korxonalar xom ashyosi asosida junli buyumlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ko‘paydi. Milliy tovarlarimizning sifati ko‘tarildi. Yangi mahsulot turlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Ta’kidlash kerakki, terini qayta ishlashning barcha bosqichini yo‘lga ko‘yish qator afzalliklarga ega. Bu — narxlar arzonlashuvi, mahalliy tadbirkorlik tuzilmalari uchun tavakkalchilik qisqarishi, yakunda esa butun mamlakatga iqtisodiy foyda keltirish deganidir. Zero, bugun eng dadil va istiqbolli rejalarni samarali amalga oshirishning ayni vaqti.
Charm-poyabzal sanoatining rivojlanish tarixidan ma’lumki, bundan yuz yillar avval foydaning eng ko‘p qismi — tovar sotuvidan tushgan daromadning yarmiga xom ashyo tayyorlovchilar ega chiqishar, yarimfabrikat yoki furnitura ishlab chiqaruvchilarga esa juda kam ulush tegar edi.
Hozirgi kunda “yuqori qo‘shilgan qiymat” tushunchasi hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘ydi, ya’ni foydaning 60 foizi tayyor mahsulot ishlab chiqarish hamda mahsulotni o‘tkazish kanallarida shakllanadi. Dastlabki xom ashyo hissasiga esa 10 foizdan kamrog‘i to‘g‘ri keladi. Shu tufayli mamlakatimizda charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmoqlari barqaror sur’atlarda rivojlanmoqda.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ishlab chiqilgan strategiya tizimli ravishda ro‘yobga chiqarilmoqda. Mazkur strategiya O‘zbekistonni tayyor charmpoyabzal, charm-attorlik, mo‘ynali va qorako‘l terisi mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha sanoat markaziga aylantirish, butun Markaziy Osiyodagi xom ashyoni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotni esa nafaqat bir necha o‘n millionli aholisi bo‘lgan qo‘shni respublikalarga, balki uzoq xorij mamlakatlariga ham eksport qilishni ko‘zda tutadi. Quvonarlisi, bu yo‘nalishda salmoqli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. Xususan, 2019-yil yakunlari bo‘yicha “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i ostida mahalliy tovarlar — poyabzal va aksessuar ishlab chiqarish miqdori bir necha barobar ko‘paydi. Faqat poyabzalning o‘zi 86 million juftdan ortiq hajmda ishlab chiqarildi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 10,8 million juftni tashkil qilgan edi. Charm-attorlik buyumlari bo‘yicha ham natijalar yuqori — 60 milliard so‘mlikdan ziyod qiymatdagi mahsulotlar tayyorlandi. Teri xom ashyosini qayta ishlab, charm tayyorlash miqdori 1 125 million kvadrat metrga teng bo‘ldi. Jun va qorako‘ldan buyumlar ishlab chiqarish ko‘rsatkichi ham o‘sib boryapti. Uyushmamiz a’zolari bo‘lgan korxonalar tomonidan bir yilda jami 2,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.
Bunday natijalarga erishishda sohaning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, uni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli dasturlarning ahamiyati katta. Ayni vaqtda 248 ta investitsiyaviy loyiha ro‘yobga chiqarilmoqda.
Ulardan 135 tasi ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tovarlarga mo‘ljallangan quvvatlarni modernizatsiya qilish hamda texnik qayta jihozlashni ko‘zda tutadi.
Sifat a’lo, marra yuqori
O‘zbekistonda xom ashyo yetarli. Faqat ilgari uni qayta ishlash orqada qolgandi. Chunki maxsus texnologik jihozlar yetishmasdi. Shu bois charmga bir martagina ishlov berilib, chetga eksport qilinardi. Tabiiyki, uning sifatiga ham e’tirozlar bo‘lardi. Demak, mahalliy tadbirkorlik subyektlarini xom ashyoni chuqur qayta ishlash jarayoniga qiziqtirib, jalb etish juda muhim edi. Ayni shu maqsadda so‘nggi paytlarda tizim korxonalari Italiya, Germaniya, Turkiya, Xitoy kabi sanoati rivojlangan davlatlarning yetakchi kompaniyalarida ishlab chiqarilgan eng yaxshi dastgohlar bilan jihozlandi.
Shuningdek, zamonaviy laboratoriyalar, tarmoqqa tegishli xalqaro standartlarga uyg‘unlashgan sertifikatlash tizimi hamda ilg‘or ishlab chiqarish-texnologik zanjirning boshqa muhim elementlarini tashkil etish zarur bo‘ldi.
Sohani rivojlantirish dasturlarida ana shu jihatlar ham ko‘zda tutildi. Davlat ko‘magi bilan terini chuqur qayta ishlashga qaratilgan o‘nlab investitsiyaviy loyihalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilmoqda. Mahalliy korxonalarimiz yiliga 11,7 million dona terini qayta ishlayapti. Aslida, sanoat korxonalarining ushbu yo‘nalishdagi salohiyati yiliga 31 million xom ashyo birligiga teng.
Bundan tashqari, O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi xom ashyo xabiga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilyapti. Pirovardida qo‘shni respublikalardan teri shu yerga keltiriladi va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Bu degani — yangi korxonalarda uchinchi marta ishlov berilgan tayyor charm hosil bo‘ladi. Undan bichib-tikiladigan mahsulot esa sifatliligi tufayli, albatta, e’tirozsiz qabul qilinadi. Ana shuni “finish”, ya’ni “marra”, deyish mumkin.
Tizimli jarayon yuqori natija demakdir
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan klaster usuli joriy etildi. Bizning sohada mazkur usul molni so‘yib, terisini ajratishdan to uni charmga aylantirib, tayyor mahsulot — poyabzal va charm-attorlik buyumlari ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun bir jarayon, ya’ni “zanjir”ni o‘z ichiga oladi. Ayni paytda charmpoyabzal klasterlarini tashkil etish bo‘yicha bir nechta yirik loyiha ro‘yobga chiqarilish bosqichida. Ushbu yo‘nalishdagi alohida ahamiyatga ega loyihalar:
• “Orient Technology” MChJ — qiymati 10 million dollarlik bu loyiha Qoraqalpog‘istonda italiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Texnologik liniya Italiyada ishlab chiqarilgan. U mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, yangilarini yaratish bo‘yicha katta dastur doirasida mamlakatimizga keltirildi. Klaster to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 500 ming juft poyabzal tayyorlash imkoniyati paydo bo‘ladi va uning 70 foizi tashqi bozorga chiqariladi;
• “Premium leather” MChJ — Farg‘ona viloyatidagi mazkur loyiha besh bosqichda amalga oshiriladi. Korxonaning yillik quvvati 80 million kv.dm. tayyor charm va 400 ming juft turli poyabzal ishlab chiqarishga teng;
• “Max Leasing” MChJ — qiymati 10,8 million dollarlik loyiha Surxondaryo viloyatining Angor tumanida ro‘yobga chiqarilmoqsa. U ishga tushgach, 90 million kv.dm. tayyor charm va 400 ming juft turli poyabzal tayyorlash imkoni tug‘iladi;
• “Leater ART” MChJ — qiymati 12 million dollarlik loyiha Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida ishga tushirilishi mo‘ljallangan. Ishlab chiqarish quvvati 50 million kv.dm. tayyor charm va 300 ming juft poyabzalga teng.
Tayanchimiz — ilg‘or texnologiyalar
O‘nlab yangi va yirik investitsiyaviy loyihalar orasida fransiyaliklar kapitali ishtirokidagi “Vodiy-Shoes” MChJ alohida o‘rin egallaydi. U O‘zbekistondagi poyabzal ishlab chiqarishning to‘liq avtomatlashtirilgan tizimini o‘z ichiga olgan birinchi zavod. Bu yerda Germaniya, Chexiya va Italiyadan keltirilgan zamonaviy, robotlashtirilgan uskunalar o‘rnatilgan. Umumiy loyiha qiymati 8,5 million dollarga teng bo‘lgan korxonada yiliga tabiiy charmdan bir million juftdan ortiq erkaklar, ayollar va bolalar poyabzallari tayyorlanadi. Loyiha dastlab Farg‘ona viloyatidan boshlandi, ammo kelgusida yana bir nechta shunga o‘xshash korxonalar ochiladi. Ya’ni 2020-yilda Andijon viloyatining Marhamat tumanida, 2021 yili Namangan viloyatining Chust tumanida shunday korxonalar barpo etiladi.
Sohadagi yutuqlar nafaqat raqamlarda, balki xalqaro maydondagi sheriklik munosabatlarida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Masalan, 2019 yilning eng muhim voqealaridan biri — “Nike” va “Adidas” kabi yetakchi kompaniyalar bilan dastlabki kelishuvlar bo‘ldi. Natijada Andijon viloyatida sport poyabzali ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. “Sino International” QK MChJda autsorsing shartlari asosida, butun dunyoga mashhur brend ostida uch million juft krossovka ishlab chiqariladi.
Shuningdek, brend mahsuloti ishlab chiqaradigan yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan franchayzing shartlari asosida o‘zaro hamkorlik tashkil etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Importni kamaytirib, kooperatsiyami ko‘paytiramiz
Bugungi kunda oldimizda mahalliylashtirishni ta’minlash, ichki va tarmoqlararo kooperatsiyami jadal rivojlantirish, mahsulot sifatini ko‘tarishdek bir qator ustuvor vazifalar turibdi. Shu yo‘nalishda 2019 yilda 56 ta investitsion loyiha amalga oshirilib, qiymati 127,3 million dollarga teng import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Keng ko‘lamli dasturlar tufayli sun’iy charm va poliuretan ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasi 100 foizga, poyabzal tagligi tayyorlashda — 92 foizga, sport tovarlari bo‘yicha — 84 foizga, sport sumkalari va chamadonlari bo‘yicha — 68 foizga yetkazildi. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan jelatin, kollagen, poliuretan, sun’iy charm singari yangi mahsulot turlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Tayyorlangan terining yarmidan ortig‘ini mamlakatimiz ichkarisida qayta ishlab, tayyor mahsulot tikishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu orqali mahalliy iste’molchilarimiz charm mahsulotlari va aksessuarlarni arzon narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Agar 2017-yilda xorijiy davlatlarga sotilgan tayyor charmning faqat bir foizi ikkinchi va uchinchi marta qayta ishlangan charm, qolgani yarim tayyor mahsulot bo‘lgan bo‘lsa, 2019-yil yakuniga kelib, tayyor charm eksporti 67 foizga yetkazildi. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega charm mahsulotlarini chetga jo‘natish ham ikki foizdan 64 foizgacha ortdi. Bu pul ko‘rinishida 193,3 million dollarga teng.
Bugun O‘zbekistonda ishlab chiqarilganligi haqida belgi — brendi bo‘lgan charm-poyabzal va mo‘ynali mahsulotlarni dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridagi butiklar peshtaxtasida uchratish mumkin. O‘zbek charmi, poyabzali va charm-attorlik buyumlarini import qiluvchi eng yirik mamlakatlar — Rossiya, Turkiya va Qozog‘istonda uyushmamizning vakolatxonalari ochilgan. Afg‘oniston, Xitoy, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda savdo uylarimiz faoliyat yuritmoqda. Mahsulotimizni xarid qiluvchilar qatorida Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Latviya, Polsha, Misr, Estoniya, Ukraina va Ozarbayjon ham bor. Yaqin uch-besh yil ichida Yevropa va Janubi Sharqiy Osiyo mintaqalarida tag‘in 15 ta yangi eksport bozorini ochish mo‘ljallanmoqda.
Ko‘rgazmalar yangi bozorlarga yo‘l ochadi
“O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi ostida charm-poyabzal, charmattorlik, mo‘ynali va qorako‘l teri mahsulotlari, jun buyumlarni eksportga yo‘naltirish bo‘yicha tizimli ishlar yuqori darajada tashkil etilgan. Bunda reklama tadbirlari va xalqaro ko‘rgazmalar o‘tkazish, uyushma a’zolari bo‘lgan tashkilotlarga marketing, axborot va konsalting xizmatlari ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, korxonalarimizning xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalardagi ishtiroki ham eksport geografiyasini kengaytirish, mahalliy tovarlarimizni chetga tanitishda ko‘maklashmoqda. Sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari Xavfsizlik va mehnat muhofazasi (BiOT), Poyabzal, sumka, aksessuarlar, charm va butlovchi materiallar xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi — “Mosshoes” (Rossiya), Xalkaro poyabzal ko‘rgazmasi — International Footwear Fashion Fair (AYMOD)” va Poyabzal sanoati yetkazib beruvchilarining xalkaro ko‘rgazmasi
— “Aysaf” (Turkiya), Poyabzal va aksessuarlar xalqaro ko‘rgazmasi — “SHOESSTAR-Dziya” (Qozog‘iston) kabi nufuzli ko‘rgazmalarda muntazam ravishda qatnashib kelishyapti.
Har yillik xorijiy tadbirlar jadvalida O‘zbekiston uchun yangi hisoblanuvchi yo‘nalishlar ham paydo bo‘lmoqda. Ular orasida “China Import EXpo” deb nomlanuvchi Import tovarlar xalqaro professional ko‘rgazmasini alohida aytib o‘tish joiz. Tahlilchilar bashoratiga ko‘ra, Xitoy yaqin besh yil ichida o‘n trillion dollardan ortiq qiymatdagi tovar va xizmatlarni import qilar ekan. Shuni hisobga oladigan bo‘lsak, mahalliy korxonalarimizning ushbu ko‘rgazmadagi ishtiroki nechog‘li muhim ekani aniq. Chunki bu bizga charmpoyabzal va mo‘ynali mahsulotlarimiz bilan ulkan Xitoy bozoriga chiqish uchun keng imkoniyat yaratiladi deganidir.
Yevropa bozorlariga esa Italiyaning “Lineapelle” ko‘rgazmasi orqali chiqiladi. Binobarin, u 1981 yildan buyon eng muhim xalqaro ko‘rgazmalardan biri bo‘lib keladi. Charm mahsuloti, aksessuarlar, komponentlar, poyabzal uchun zarur sintetik materiallar va modellar, charm buyumlar, kiyim-kechak hamda mebelga bag‘ishlangan ushbu ekspozitsiya, asosan, charm sanoatiga mo‘ljallangan. Yiliga ikki marta Bolonyada o‘tkaziladi. Ko‘rgazma markazida 12 ta zal mavjud, u dunyoning yuzdan ortiq mamlakatlaridan keluvchi 1 300 nafar ishtirokchi va 20 ming nafar mehmonni qabul qiladi.
Bizning ishlab chiqaruvchilarimiz Londondagi “Pure London — Pure Origin” ko‘rgazmasida ham ishtirok etishadi. Shu o‘rinda ta’kidlamoqchimizki, mahalliy ishlab chiqaruvchilar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan qo‘llabquvvatlanayotgani tarmoq rivojida katta rol o‘ynayapti.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasining o‘zi ham Toshkentda “UzCharmExpo” xalkaro charm, poyabzal va mo‘yna ko‘rgazmayarmarkasini muntazam o‘tkazib kelmoqda. Yildan-yilga qatnashchilar uchun yangi muloqot, uchrashuv va shartnomalar taqdim etilyapti. Unga 35 dan ortiq mamlakatlarning charm-poyabzal, mo‘ynachilik va qorako‘lchilik sohasi bo‘yicha minglab mutaxassislari tashrif buyurishadi.
Ko‘rgazma-yarmarkalar mamlakatimizning charm-poyabzal sohasida erishayotgan so‘nggi yutuqlarini namoyish etish imkonini beradi, albatta. Joriy yil oxiriga borib eksport 400 million dollargacha o‘sishi kutilmoqda, bu ham 2017 yildagiga nisbatan 4 marta ko‘pdir.
Ulkan imkoniyatlar eshigi
Davr o‘zgaradi, shu bilan birga, urf va an’analar ham. Lekin kiyim-kechak hamda poyabzal hammaga kerak, ularga hamisha ehtiyoj bor. Shu bois ekspertlar charm-poyabzal sanoatiga yo‘naltirilgan investitsiya eng katta daromad keltiradi, deb hisoblashadi. Shunday pragmatik yondashuvdan kelib chiqib, mazkur tarmoqdagi 248 ta loyiha ro‘yobi uchun 421 million dollar jalb etildi. Shundan 196,8 million dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Rejalar ulkan, istiqbol keng ko‘lamli. Sa’y-harakatlardan maqsad esa vatandoshlarimiz “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bosilgan sifatli charm buyumlarni maqbul narxlarda sotib olib, kiysinlar.
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan tarmoq korxonalarining mutaxassislari bilan hamkorlikda respublikamiz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga kirsa, qanday tavakkalchiliklar yuzaga kelishi mumkinligi chuqur tahlil qilib chiqildi, shuningdek, charm-poyabzal va mo‘ynachilik yo‘nalishlari barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan samarali chora-tadbirlar belgilab olindi.
Fikrimizcha, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII)ga qo‘shilishi charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmoqlarining kelgusida barqaror rivojlanishi hamda respublikamiz iqtisodiyotining lokomotivi, harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi uchun imkoniyat yaratadi. Bunda mahalliy korxonalar uchun qator afzalliklar paydo bo‘ladi, ya’ni yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot eksportining hajmini ko‘paytirish uchun YOII qatnashchilari bo‘lgan mamlakatlarda yashovchi 185 million aholini qamrab oladigan katta bozorga yo‘l ochiladi. YOII mamlakatlari salmoqli hajmda import qilayotgan charm-poyabzal mahsulotlarining (Rossiya — 3,4 milliard dollarlik, Qozog‘iston — 293 million dollarlik, Qirg‘iziston — 71,8 million dollarlik) katta qismini mahalliy korxonalarimiz “O‘zbekistonda ishlab chikarilgan” belgisi ostida o‘z tovarlari bilan qoplashi mumkin bo‘ladi.
Korxonalar tomonidan kapital, ishchi kuchi, tovar va xizmatlar aylanmasi samarali hamda erkin amalga oshirilishi hisobiga YOII ishtirokchi mamlakatlarining tarmoq kompaniyalaridan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish imkoniyati paydo bo‘ladi.
YOII mamlakatlari hududining logistik jihatdan yaqinligi, transport tizimlari mavjudligi, o‘sha mamlakatlarda charm-poyabzal va mo‘ynali buyumlarga bo‘lgan talabni qondiradigan darajada qayta ishlash korxonalari yetishmasligi kabi omillar ham mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz o‘z biznesini yanada qulay va oson yuritishiga yordam beradi.
YOII tarkibida Yevroosiyo taraqqiyot banki borligini hisobga olsak, mahalliy korxonalarimiz istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni, masalan, zamonaviy texnologiyalar ko‘rinishidagi investitsiyalarni jalb qilish orqali, ro‘yobga chiqarishida mazkur bankning moliyaviy resurslaridan samarali foydalanishlari mumkin bo‘ladi.
Mamlakatimizda inflyatsiya darajasini pasaytirish maqsadida charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmoqlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega barcha turdagi tayyor mahsulotlarning tannarxini har yili 5,1 foizga pasaytirish choralari amalga oshirilyapti. Misol uchun, joriy yilda tannarxni umumiy hisobda besh milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorga pasaytirish mo‘ljallangan.
Urfdan ortda qolmay, chiroyli kiyinish uchun
Prezidentimiz olib borayotgan siyosat va davlat dasturlarining muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarilishi tufayli bizning charmpoyabzal va mo‘ynachilik sohamizda ham o‘sish dinamikasi kuzatilyapti. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan holda, sohamiz oldiga qo‘yilgan aholini arzon, sifatli, zamonaviy urfga mos va chiroyli poyabzal xamda charm-attorlik buyumlari bilan ta’minlashdek ustuvor vazifani so‘zsiz va kam-ko‘stsiz bajarishga harakat qilamiz.
Xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasidan ma’lumki, tadbirkorlik tuzilmalarning barqaror rivojlanishini ta’minlashda maxsus jamg‘armalar tashkil etilishi va ularning samarali faoliyat yuritishi muhim rol o‘ynaydi. Shunday jamg‘armalar Rossiyada, XXR va boshqa mamlakatlarda bor.
Bizda ham O‘zbekiston Respublikasi sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tuzilsa, u innovatsion g‘oyalar va ilg‘or ishlab chiqarishlarni qo‘llab-quvvatlab, hayotga tatbiq etsa, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 2025 yilga borib 100 million dollargacha oshirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishdek ulug‘vor ishga ko‘maklashsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Faxriddin Boboyev, «Uzcharmsanoat» uyushmasi raisi v.b.
“Xalq so‘zi” gazetasi, 19.02.2020