Ronni Xayne: “Konrad Adenauer jamg‘armasi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi“
Toshkentda “O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimiyat vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Konferensiya ochilishida Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari Ronni Xayne o‘z fikrlarini bildirdi.
– Avvalo shuni aytmoqchimanki, ahamiyati jihatdan juda muhim bo‘lgan tadbirni parlament hamda “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda tashkil etganimizdan juda xursandman. O‘zbekistonda 2017 yildan buyon olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar dinamikasi tobora o‘sib bormoqda. Konrad Adenauer jamg‘armasi bu o‘zgarishlarga o‘z hissasini qo‘shishdan mamnun va barcha islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda strategik jihatdan muhim davlat hisoblanadi. O‘ylaymanki, ushbu demokratik islohotlar, O‘zbekistonning yanada rivojlanishiga, konstruktiv tashqi siyosat olib borishiga, yanada liberallashishiga zamin yaratadi. Prezident Shavkat Mirziyoev Murojaatnomada parlamentga yuksak ishonch bildirgani, olib borilayotgan islohotlarni davomiy ravishda rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadli vazifalar belgilab bergani e’tiborga molik jihatdir. Bugungi muzokaralarda parlament a’zolari, xorijiy ekspertlar, Hukumat vakillarining fikrlari muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan konferensiya ishiga muvaffaqiyat tilayman.
O‘zA