Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 14-fevral kuni meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish, paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish hamda davlat ehtiyojlari uchun paxta va g‘alla yetishtirish tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyot rivoji, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri. Shu bois uni zamon talablari, strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish choralari ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 23-oktabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Oliy Majlisga Murojaatnomada barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham aniq yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi.
2025 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 100 milliard dollar, yillik eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu ko‘rsatkichlarga erishish uchun qishloq xo‘jaligi sohasida ham juda katta rezerv va imkoniyatlar bor.
Meva-sabzavot eksportini tizimli tashkil qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan eksportyor o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida meva-sabzavotchilik va uzumchilikda ham klaster tizimi joriy qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 11-dekabrdagi qarori bilan bu boradagi barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi.
Videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Avvalo, tizimdagi shartnomaviy munosabatlarni to‘g‘ri shakllantirish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksportchining manfaati, majburiyati hamda javobgarligini aniq belgilash muhimligi ta’kidlandi.
Klasterlar takliflari asosida eksportbop ekinlarni joylashtirib, zarur urug‘lik, ko‘chat, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i masalasini hal qilish va ularning ta’minotini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Joylarda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etishga viloyatlar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari shaxsan mas’ul etib belgilandi.
Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlarining o‘rinbosarlaridan biri meva-sabzavotchilik klasterlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash va ular tomonidan ishlab chiqilgan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga mas’ul qilindi.
– Klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad – eksport hajmini oshirish. Buning uchun esa yangi bozorlarni topish kerak. Bozor bo‘lmasa, eksport ham bo‘lmaydi, klaster tizimi ham yurmaydi. Shuning uchun chet ellardagi talabni muntazam o‘rganib, imkoniyatlardan samarali foydalanish, eksportda izchillikni ta’minlash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasiga tashkil etilayotgan har bir klaster bilan individual ishlab, eksport shartnomalarini chuqur tahlil qilish, aylanma mablag‘lar ajratilishini hisobga olib, qo‘shimcha kontraktlar tuzishga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda viloyatlar hokimlari meva-sabzavot klasterlarini tashkil qilish, bozorbop mahsulotlar yetishtirish va qayta ishlash, eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish borasidagi rejalari yuzasidan axborot berdi.
Paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, davlat ehtiyojlari uchun paxta va g‘alla yetishtirish tizimidan qadamma-qadam voz kechish masalalari ham yig‘ilishda batafsil muhokama qilindi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligini ta’kidlagan edi.
Ma’lumki, bu boradagi birinchi qadam sifatida qolipli non, un, bug‘doy, chigit, paxta yog‘i narxi erkinlashtirilgan edi. Bunga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani natijasida narxlarda keskin o‘zgarish bo‘lmadi.
Paxta va g‘allaga davlat buyurtmasini bekor qilish masalasida ham Jahon banki ekspertlari ishtirokida tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
– Bu yil qishloq xo‘jaligida katta islohotlarni boshlayapmiz. Hokimlar bu masalani chuqur tushunib, ichiga kirishlari shart. Endi orqaga yo‘l yo‘q. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini erkinlashtirmasak, manfaatdorlikni oshirmasak, iqtisodiy o‘sish va samaradorlikka erishib bo‘lmaydi, – dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilishda klasterlar faoliyatining samaradorligini oshirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalasi ham atroflicha tahlil qilindi.
Adliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga klasterlarning huquq va majburiyatlarini belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Paxta yetishtirishning amaldagi tizimi fermerlar va klasterlar o‘rtasida moliyaviy jihatdan ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu bir tarafdan paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga mablag‘ yetishmasligini keltirib chiqarsa, ikkinchidan, paxta yetishtirgan fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitob qilish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda.
Shu bois klasterlar moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, ularda mahsulot ishlab chiqarish va qayta ishlashni alohida faoliyat turi sifatida kreditlash tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan joylarda paxta tozalash zavodlari negizida fermerlar kooperatsiyalari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Bu tajriba Turkiyada o‘zini oqlagan. Ushbu tizimning eng muhim jihati – fermerlar nafaqat paxta xomashyosini, balki uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni (tola, chigit, shrot, sheluxa) sotishdan ham manfaatdor bo‘ladi.
Yana bir ahamiyati – paxta yetishtirishda raqobat shakllanadi. Klasterlar va kooperativlar o‘rtasida raqobat bo‘lsa, bundan faqatgina fermerlar, ya’ni yer egalari bo‘lgan dehqonlar manfaatdor bo‘ladi.
Paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor bo‘lsa, ilgarigidek reja ortidan quvish barham topadi. Endilikda hokimlar xalq deputatlari kengashi bilan birga ekin yerlaridan samarali foydalanish va ekin turlarini to‘g‘ri joylashtirishga mas’ul bo‘ladi. Ular, shuningdek, qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ushbu maqsadlarda ajratilayotgan mablag‘lar va subsidiyalardan samarali foydalanish ishlarini tashkil etadi. Dehqonlarga servis xizmatlari ko‘rsatish, zararkunandalarga qarshi qurashish, paxta yig‘im-terimida mexanizatsiya darajasini oshirish choralarini ham ko‘radi.
Videselektor yig‘ilishida g‘alla hosilini g‘amlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, g‘allani davlat ehtiyoji uchun majburiy sotib olish tizimidan davlat zaxiralari tizimiga o‘tilmoqda va fermerlarga g‘allani erkin sotish huquqi berilmoqda. Bu masala oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lganligi bois davlatga majburiy g‘alla sotish tizimi ikki bosqichda bekor qilinishi rejalashtirilgan.
Bu yil yetishtiriladigan g‘alla hosilidan davlat ehtiyojlari uchun sotiladigan hajmi kamaytiriladi. Ya’ni, mamlakatimiz bo‘yicha bu yil qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq g‘alla fermerlar ixtiyorida qoladi.
2021-yil hosilidan boshlab esa davlatga g‘alla sotish rejasi to‘liq bekor qilinib, mahsulotni bozor narxlarida sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz bu o‘zgarishlarning ahamiyatini alohida ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Yer ajratish borasidagi muammolar ko‘rib chiqildi. Sug‘oriladigan maydonlar talon-torojiga chek qo‘yish, har bir qarich yerdan xalq manfaati yo‘lida samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shundan kelib chiqqan holda, joylardagi mutasaddilarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hududlar va tarmoqlar rahbarlari axborot berdi.
O‘zA