Paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasi bekor qilinishi xalqimiz turmushi farovonligini ta’minlaydi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirishga alohida e’tibor qaratdi.
Tizim faoliyatini rivojlantirish, fermer va dehqonlar daromadini oshirish, aholi dasturxonini sifatli meva-sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid XO‘JAYEV bilan suhbatlashdi.
– Prezidentimiz fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmasdan turib, iqtisodiyotni barqarorlashtirib bo‘lmasligini ta’kidladi. Paxta va g‘alla yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasining bekor qilinishi hamda joylashtiruv mexanizmini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilish belgilab qo‘yildi. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi?
– 2020 yildan paxta va g‘alla uchun davlat buyurtmasi bekor qilinishi mamlakatimizning 60-foiz aholisi hayotida tub burilish yasaydi. Albatta, bu islohot sohada strategik ahamiyatga ega, inqilobiy yangilik bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusida yaqin vaqtda paxtachilik sohasi to‘liq klaster tizimiga o‘tkazilib, ular bozor talablaridan kelib chiqqan holda paxta yetishtirishi belgilangan.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 4-fevral kuni qishloq xo‘jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda klasterlarning huquqiy maqomini belgilash, ularni tanlash, fermerlar bilan munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning ochiq-oshkora mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Paxta yetishtirishda, avvalo, manfaat bo‘lishi kerak, degan vazifa qo‘yildi. Bu bejizga emas, albatta. Joylarda tajribali fermerlarimiz faoliyat yuritmoqda, yangi-yangi ixtisoslashtirilgan qishloq xo‘jaligi klasterlari tashkil etilmoqda. Ular o‘z manfaatidan kelib chiqib paxta yetishtiradi, uni qayta ishlaydi va eksport qiladi.
Shu maqsadda joriy yilda 81-ming gektar maydonga tajriba-sinov tariqasida fermerlar ishtirokida kooperatsiya tashkil qilayapmiz. Bu orqali sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishni maqsad qildik.
Qisqa muddatda tegishli me’yoriy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unda yangi mexanizmlarni joriy etish vazifalari belgilanadi. Birinchidan, paxta xalqaro bozor narxidan kelib chiqqan holda sotib olinadi. Ikkinchidan, paxtaga reja belgilanmaydi, fermerlar va klasterlar reja uchun emas, o‘z manfaati, foydasi uchun mexnat qiladi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda ham raqobat bo‘ladi. Qaysi mahsulot bozorbop va xaridorgir bo‘lsa, ko‘proq ekiladi. Shu bois qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hududlar iqlim sharoitidan kelib chiqib taqsimlanadi.
– Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida bu kabi tub islohotlarni bajarishda vazirlik zimmasiga qanday vazifalar qo‘yilgan? Bu boradagi ishlarni amalga oshirish mexanizmi haqida aytsangiz.
– 2023-yilgacha ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish va o‘z vaqtida ekilishini ta’minlash tizimini bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilamiz. Davlat buyurtmasidan kechish jarayoni oson bo‘lmaydi, albatta. Buning uchun raqobatbardosh qishloq xo‘jaligini yaratishimiz kerak. Bunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermerlarga yordam beradigan, ularga yaqindan ko‘maklashuvchi tashkilotga aylanishi kerak. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi servis tashkiloti sifatida xususiy agrosanoat tashkilotlariga ekin turlari va urug‘ni to‘g‘ri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy ko‘maklashish va mahsulot bozorini topish bo‘yicha ish yuritadi.
Bu borada ekspertlar bilan ish boshlaganmiz. Masalan, “Boston konsalting grupp” kompaniyasi bilan dastlabki kelishuvlar bo‘yicha tabiiy-iqlim va tuproq sharoitiga mos holda intensiv bog‘ va tokzorlar, sabzavot, poliz ekinlarini optimal joylashtirish bo‘yicha har bir tumanning geografik xaritasini ishlab chiqayapmiz. Bundan tashqari, xorij bozorlarida o‘zimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ham mustahkam o‘rin egallashni maqsad qilganmiz. Shu kunlarda chet el bozorlarida qanday meva-sabzavotlarni sota olamiz, degan savolga javob bo‘luvchi konsepsiyani yakunlayapmiz. Ushbu konsepsiyani dastlab fermer xo‘jaliklari va yangi klasterlarda joriy qilamiz.
– Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligidagi mazkur o‘zgarishlar, amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar dehqonlarga, umuman, xalqimizga qanday foyda keltiradi?
– Avvalambor, aholining yerdan oladigan daromadi oshadi. Yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini bozor narxida sotishga qulay sharoit yaratiladi. Xullas, raqobat muhiti shakllanadi. Qaysi mahsulot sifatli va foydali bo‘lsa, uni yetishtirish imkoniyati kengayadi.
Ayniqsa, ichki bozorda aholi ehtiyojlari qondirilib, meva-sabzavotlarimiz mo‘l-ko‘l bo‘ladi, turi va miqdori ko‘payadi. Bu orqali inflyatsiya darajasi va mahsulot tannarxi pasayishiga erishiladi.
– Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 4-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda klasterlarning huquqiy maqomini belgilash, ularni tanlash, fermerlar bilan munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning ochiq-oshkora mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan edi. Bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalar xususida ma’lumot bersangiz.
– Shu yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan sohaga oid ko‘plab topshiriqlar berildi. Maqsad – raqobatbardoshlilikni ta’minlash, diversifikatsiya qilishimiz uchun yangi tizim yaratish. Meva-sabzavot yo‘nalishida ham paxtachilikdagi kabi klasterlarni ishga tushirish esa davr talabi.
Bir necha oy ilgari Prezidentimiz tomonidan joylarda sohani o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi. Ular bilan birgalikda viloyatlarda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi, muzlatgichlari bor qayta ishlovchi korxonalar vakillari bilan muloqot qildik. Diversifikatsiya qilishni faqat davlatning o‘zi bajara olmaydi. Biz bozor iqtisodiyotiga o‘tganimizdan keyin uning o‘z egalari bo‘lishi kerak.
Shu tufayli yangi tizim asosida ishlash uchun meva-sabzavot yetishtiruvchi va qayta ishlovchilar orasidan 150-dan ortiq talabgorni tanlab oldik. Ular bilan 2020-yil tajriba-sinov tariqasida mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib boramiz. Buning uchun bir nechta vazirlik va idoralar aylanma mablag‘ ajratish, chet el bozorlarini o‘rganish va mahsulotlarni olib chiqishda ularga yaqindan yordam beradi. O‘ylaymizki, yil yakunida erishgan natijalarimiz xulosasi asosida ushbu tizimni mamlakat miqyosida joriy eta olamiz.
So‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan meva-sabzavotchilikka katta e’tibor qaratildi. Xususan, qishloq joylarda intensiv bog‘lar yaratildi, zamonaviy issiqxonalar, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, kalibrovka, saralash va qadoqlash, muzlatgichli omborxonalar, logistik markazlar ishga tushirildi, sug‘orish tizimlari yaxshilandi. Biroq, bu tizimlarning atigi 30-40 foizi amalda ishlayapti, xolos. Sababi, qayta ishlovchilar va dehqon-fermerlar orasida hamkorlik yo‘q.
Davlatimiz rahbari e’tibori bilan klasterlar va fermerlar o‘rtasida shartnomaviy bog‘liqlik yaratiladigan bo‘ldi. Endi klasterlar o‘zlariga biriktirilgan fermer xo‘jaliklariga sifatli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, ko‘chat, yoqilg‘i, mineral o‘g‘itlarni yetkazib berishi, agrotexnik tadbirlarni zamonaviy bilimlar asosida, mutaxassislarni jalb qilgan holda tashkil etishi zarur. Shundagina yetishtirilgan mahsulotning xaridori bo‘ladi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan bunday islohotlar aholi turmushi farovonligini yanada yaxshilaydi, sohaga bozor mexanizmlarini keng joriy qilishni ta’minlaydi.
O‘zA